XX asr oʻzbek adabiyotining rivojiga ulkan va bebaho hissa qoʻshgan ulugʻ adib, shoir, olim, jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek 1905-yilning 10-yanvarida Toshkent shahrida boʻzchi oilasida dunyoga keldi.
Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning hayot va ijod yo‘llari
Menu
Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yili Toshkent shahrida bo‘zchi oilasida dunyoga keldi. Oldin o‘rta maktabda, 1922-1925 yillarda esa Toshkent pedtexnikumida ta’lim oldi. So‘ngra O‘rta Osiyo Davlat dorilfununida ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qishni davom ettirdi. Leningraddagi Plexanov nomidagi Xalq xo‘jaligi institutida tahsil ko‘rdi. 1930 yili O‘rta Osiyo Davlat dorilfununini tugatib, Oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars beradi.
Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan «Tuyg‘ular» she’riy to‘plami bilan kirib keladi. Shoirning «Dilbar davr qizi» (1931), «O‘ch» (1932), «Baxtigul va Sogindiq» (1933), «Temirchi Jo‘ra» (1933) poyemalari o‘z davrining she’riy solnomalaridandir. Uning yigirmadan ortiq dostonlari bo‘lib, tarixiy, zamonaviy va xorijiy mavzularda yaratilgan.
O‘zbek xalqining 1916 yilgi milliy ozodlik qo‘zg‘oloni yozuvchining «Qutlug‘ qon» (1940) romanida zo‘r mahorat bilan realistik ifodalangan. Adibning ikkinchi yirik tarixiy asari «Navoiy» (1944) romanidir. Oybek bu romanda o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazini yaratdi. Uning «Oltin vodiydan shaba-dalar» (1949) asarida xalqimizning urushdan so‘nggi davr yaratuvchilik mehnati, «Quyosh qoraymas» (1958) romanida Ulug Vatan urushida erishilgan g‘alaba aks ettirilgan. Adibning «Ulug‘ yo‘l» (1967) asari esa «Qutlug‘ qon» romanining mantiqiy davomi bo‘lib, unda yozuvchi milliy ongning shaklla-nishini mahorat bilan ko‘rsata olgan.
Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qildi. Adib Pokiston hayotini, fikr va tuyg‘ularini, kurash va intilishlarini «Pokiston xotiralari» ocherklarida, qator she’rlarida, «Zafar va Zahro», «Haqgo‘ylar» dostonlarida, nihoyat «Nur qidirib» povestida tasvirladi.
Adibning avtobiografik povesti «Bolalik» 1963 yilda yaratildi. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso ya’ni Oybekning o‘zidir.
Oybek iste’dodli shoir, yirik nosir bo‘libgina qolmay, mashhur olim, davlat va jamoat arbobi, publitsist tanqidchi va tarjimon hamdir. O‘zbek kitobxoni Pushkinning «Yevgeniy Onegin», Lermontovning «Maskarad» asarini, antik Rim adabiyoti namunalarini, arman eposi «Sosunli Dovud»ni Oybek tarjimasida o‘qishga muyassar bo‘lgan.
Oybek 1943 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi va 1950 yilgacha Akademiyada ijtimoiy fanlar bo‘limining raisi lavozimida ishladi. U yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan ustozdir.
Ulkan adib «Navoiy» romani uchun Ittifoq Davlat mukofoti laureati bo‘ldi, bir necha orden va medallar bilan taqdirlandi. U O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori ham bo‘lgan. Yozuvchining asarlari o‘zbek adabiyotining jahon aro shuhratini yanada oshirdi. Ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Oybekning o‘lmas asarlari ma’naviy xazinamizdan mangu o‘rin oldi va umumxalq mulki bo‘lib qoldi. Uning eng yaxshi asarlari jahon adabiyoti xazinasiga ham kirgan. Oybek 1968 yil 1 iyulda 63 yoshida vafot etdi. Vafotidan so‘ng uning 20 jildlik to‘la asarlari majmuasi nashr etildi.