XX asr oʻzbek adabiyotining rivojiga ulkan va bebaho hissa qoʻshgan ulugʻ adib, shoir, olim, jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek 1905-yilning 10-yanvarida Toshkent shahrida boʻzchi oilasida dunyoga keldi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda Oybek ijodi targ‘iboti
Menu
“Navoiy” romani
Adibning «Navoiy» romani yaratilguniga qadar Yevropa, shu jumladan, rus ijtimoiy fanlarida «Navoiy – fors shoirlarining taqlidchisi», degan qarash hukmronlik qilgan. Sho‘ro mafkurasi Navoiyga berilgan bunday «baho» bilangina kifoyalanib qolmay, ulug‘ o‘zbek shoirini dastlab «feodal davr kuychisi», deb ham atadi. Bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, Navoiy bilan XX asrdagi o‘zbek xalqi o‘rtasiga qo‘yilgan temir parda edi. Oybek o‘z romani bilan ana shu temir pardani parchalab tashladi. U «Navoiy» romanini yozishdan avval shoir yashagan davrni, uning hayoti va ijodini tadqiqotchi olim sifatida puxta o‘rganib, shunday ilmiy maqolalar yozdiki, bu maqolalar o‘zbek adabiyotshunosligida navoiyshunoslik fanining vujudga kelishida poydevor bo‘lib xizmat etdi.
Shunday katta tayyorgarlik bilan asar yozishga kirishgan adib Navoiyni o‘zbek xalqi tarixining burilish nuqtasida maydonga kelgan, shu davrdagi milliy uyg‘onishning timsoli hisoblangan mutafakkir va gumanist (insonparvar) shoir sifatidagi purviqor obrazini yaratdi. Roman Gʻarb va Sharqdagi qator tillarga, jumladan, xitoy tiliga ikki marta tarjima qilindi. Turli mamlakatlardagi kitobxonlar roman muallifiga Navoiyni xalqqa tiriltirib, qaytib bergan yozuvchi sifatida hurmat qiladilar. Oybek bu o‘lmas asari bilan o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janriga asos soldi.
«Navoiy» romanining «O‘tgan kunlar» tarixiy romanidan farqi avvalo shundaki, birinchidan, Oybek o‘z asariga tarixiy shaxslarni asosiy qahramonlar sifatida olib kirgan bo‘lsa, ikkinchidan, asarda bosh qahramonning muhabbati tarixini emas, balki Sultonmurod bilan Dildorning – ikkinchi rejadagi qahramonlarning muhabbatini tasvir etdi va kitobxonning «ishqiy chizig‘i»ga bo‘lgan ruhiy ehtiyojini shunday yo‘l bilan qondirdi. Ayni paytda bu muhabbat chizig‘ini romandagi asosiy voqealar tizmasi bilan uzviy ravishda bog‘lay bildi. Uchinchidan, adib adolatli shoh va xalq, Navoiy va xalq, Navoiy va urush, Navoiy va madaniyat taqdiri, Navoiy va xalqlar hamjihatligi singari masalalarni badiiy talqin etdi hamda zamondoshlari uchun muhim, kelgusi avlodlar uchun esa ibratli bo‘lgan ijtimoiy-falsafiy qarashlarini shoir obrazi orqali olg‘a surdi.
Oybek ijodining yorqin qirralarini ham, adib bosib o‘ggan maktabning mashaqqatli va chalkash so‘qmoqlarini ham birgana «Qutlug‘ qon» romani misolida ko‘rsa bo‘ladi. Aslida xavf-xatarga to‘liq bu maktab «saboqlari» Oybek domla tengqurlari bo‘lmish ijodkorlarning hammasiga taalluqli. Bir na’ra tortsa, jahonni larzaga solishga qodir Gʻafur Gʻulom she’rlarida o‘qtin-o‘qtin «ulug‘ og‘a»ning tarixiy xizmatlarini eslatib turishga majbur bo‘lgani, Abdulla Qahhor eng tagdor, eng haqqoniy hikoyalarini ming bir qobiqqa o‘rab «yedirish» yo‘lini izlagani bejiz emas. Zolim siyosat kechagina yoningda turgan el e’tiqodini qozongan ijodkorlarni, haqiqiy xalq fidoyilarini «xalq dushmani» deb qirg‘in qilgan, o‘zi emas, bolalarini xalq qamoqda chiritayotgan pallada ijod qilish qilich damida yurish bilan teng edi (Mustaqillik yillarida ongi shakllangan avlod buni tasavvur ham qilolmaydi).
Mana shu doimiy xavotir ko‘p yillar o‘zbek nasrining namunasi hisob-langan «Qutlug‘ qon» romanida ham sezilib turadi. Sinchiklab o‘qisangiz bu holatni anglashingiz qiyin emas. Asarning deyarli har sahifasida kambag‘al qarollar boylarning zolimligi, bu dunyoning adolatsizligi, o‘zining qorni chalaqursoqligi haqida shikoyat qiladi. Romandagi boylarning hammasi yomon: Mirzakarimboy — zolim, aldoqchi, Salimboyvachcha — qotil, Tantiboyvachcha — qimorboz, buzuq, uning otasi ko‘chada zanglagan mix yotsa, tuflab uyiga tashiydigan mumsik… Oybekdek ulug‘ adib ham “bu yozuvchi” “sinfiylik pozisiyasi»ni bilmaydi yoki bilsa ham ataylab buzib ko‘rsatadi!» degan dahshatli aybnomaga yo‘liqmaslik uchun (demak, Stalin qamoqxonalarida suyagi chirimasligi uchun) aynan shunday tasvir vositalaridan foydalanishga majbur bo‘lgan. (Ehtimol bugungi kitobxon buni bilmas, biroq hushyor o‘quvchi roman sahifalari qatida qanday vahimali «sirlar» yashirinib yotganini anglashi qiyin emas)…
Muqarrar o‘lim yoxud “Quyosh qoraymas” romanida urush va g‘alaba manzaralari
Bu adibni xalqimiz juda sevadi, ardoqlaydi. Agar shunday bo‘lmaganida oramizda Oybek ismli insonlar bu qadar ko‘p uchramasdi. «Na’matak» she’ri yodingizdami:
«Yuksakda shamolning belanchagida, Nafis chayqaladi bir tup na’matak…» Shamolning belanchagi… o‘xshatishning betakrorligini qarang-a. Uzr, mavzudan chekindim. Bunga, albatta, o‘sha beqiyos «Na’matak» «aybdor»!
Men oddiy bir o‘quvchiman. Ulkan adib ijodini tahlil qilish menga yo‘l bo‘lsin. Shunchaki yodingizga solgim keldi. Ikkinchi jahon urushining tamom bo‘lganiga ham 75 yil to‘lyapti. Bu g‘alabaga o‘zbek xalqi ham bemisl hissa qo‘shgani tarixiy manbalardan ma’lum.
O‘zbek xalqining jasorati, fidokorligi urush davri matbuotida, adabiyotida ham keng yoritilgan. Bularning katta qismi frontning oldingi liniyalarida, shiddatli janglarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, yurakdan kechirgan adiblar qalamiga mansub. Adib Oybek ham ularning biridir.
Oybek 1942 yil dekabridan 1943 yilning mart oyiga qadar G‘arbiy frontda, Moskva, Voronej, Kursk, Belgorod uchun bo‘lgan janglarda o‘zbek jangchilari orasida bo‘lib, ularning jasorati, qahramonliklari haqida boy material to‘pladi. Bu materiallar keyinchalik uning bir turkum she’rlariga, «Front bo‘ylab» yo‘l xotiralari, kinossenariy, «Quyosh qoraymas» romanlariga asos bo‘ldi.
Adibning o‘zi bu haqda shunday yozgan edi: «Og‘ir urush yillarida men «Quyosh qoraymas» degan yangi roman ustida ish boshladim. Ulug‘ Vatan urushi frontlaridagi o‘zbek jangchilarini ko‘rsatishga harakat qildim. Men artistlar brigadasi bilan frontga borgan bo‘lsam ham, u yerda brigadadan ajralib qoldim. Chunki faqat sharoitni, kishilarni chuqur o‘rganibgina jangchi va komandirlarning qahramonligi haqida asar yozish mumkinligini angladim va frontda uch oy qolib ketdim».
Ha, bugun «Quyosh qoraymas» haqida sizga birmuncha ma’lumot bermoqchimiz. Adib frontdan qaytgan zahoti bu roman ustida ish boshladi. Romanning dastlabki variantidan parchalar «Qizil O‘zbekiston» gazetasida, «Armug‘on», «Zafar» deb nomlangan almanaxlarda, «Sharq yulduzi» jurnalida e’lon qilib borilgan.
Roman ustida ishlash materiallar yetarli bo‘lmagani uchun to‘xtatiladi. Oradan anchagina fursat o‘tib, puxta tayyorgarlikdan keyingina adib o‘z asarini qayta yozishga kirishdi va 1957 yil dekabrida romanni yozib tamomladi.
Mazkur asarning qimmatiligi shundaki, roman urush haqida yozilgan g‘oyat o‘zbekona asardir. Unda o‘zbek jangchilarining fashizmga qarshi mardona kurashlari aks etgan. Urush faqat mardlikdan iborat emas. Qil ustida turgan hayot degani urush, o‘lim bilan har lahza yuzma-yuz turmak degani… Dahshatli janglardan so‘ng olisda qolgan oilasi, bolalarini o‘ylab, tunda yig‘lagan jangchini malomat qila olasizmi?!
Romanning o‘zbekonaligini nimada ko‘rganimni bilasizmi? Og‘a-inilik, jigarchilik munosabatlarida, halok bo‘lgan jangchini «Yigitning suyagini ham oltinday aziz bilishimiz kerak», degan tushunchalar bilan uni munosib tarzda tuproqqa qo‘yishga intilish, urush ketayotgan bir pallada, g‘amga yelkadoshlik, duo-yu fotihani «kecha va bugun halok bo‘lgan barcha o‘zbeklarga» bag‘ishlash, bolajonlik… bularni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Urush haqidagi asarlarni qayg‘u asarlari, degan bo‘lar edim. Nega desangiz, urushda g‘oliblar bo‘lmaydi. Uzoq yillar g‘olib sovet xalqi, deya ta’kidlab keldik. U g‘olibmidi?! Millionlab fuqarolari halok bo‘lgan xalq g‘olib bo‘ladimi?! Hamma narsani frontga berib, go‘daklar, qari-qartangni och qoldirib, muqarrar o‘lim domiga tashlansa-yu, g‘oliblik tatiydimi?!
«Quyosh qoraymas» romanini mutolaa qila boshlasangiz, uni ulkan shoir yozganini his qilasiz.
«Uzoqda tutunlangan o‘rmonlar orqasidan samolyotlar paydo bo‘ldi. Ular ko‘p edi. Ular sichqonga yugurgan mushukday, o‘zlarining daf etilmas kuchlarini namoyish qilgan kabi, ishonch bilan kelardi… Bektemir g‘ayri shuuriy ravishda okopning devoriga yopishmoqqa tirishdi. Shu ondan boshlab u kuzatishdan, o‘ylashdan, tushunishdan ojiz qoldi – yurakni uzib oladigandek mash’um «uv…» bilan bombalar uchdi. Yer zilziladay titradi. Havoni tutash, qandaydir vahshiy, dahshatli guldurama qopladi. Go‘yo allaqanday sirli kuch, tog‘larni bir-biriga urib ag‘darganday… Yer uyumi fig‘on bilan chirpirab, girdob kabi ko‘kka ko‘tarildi. Bektemirning go‘yo nafasi o‘chgan, yurakning bolg‘aday ko‘krakda urganini ham sezmaydi. Chaqchaygan ko‘zlari oldida yolg‘iz tutun, tuproq, o‘lim, hammani komiga tortmoqchi bo‘lib quturgan, uvillagan bir bo‘ron girdobini ko‘rdi».
Yot tuproqlarda ne-ne azamat, bahodirlari qoldi, o‘zbekning. Ha, bu urushning qiyofasi, bir lahzasi, xolos. Adib urush kuzini, qahratonini ham mahorat bilan chizgan, tasvirlagan. Buni faqat o‘qish kerak.
Aziz o‘quvchi, Moskva ostonalaridagi qonli, qaqshatqich janglarda o‘zbek jangchilarining ishtiroki sizga qiziq bo‘lsa, muzaffar jangchi otalarimiz, bobolarimizga ehtiromingiz uchun ham bu romanni o‘qing. Asar sevimli adibimizning o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, guvohi bo‘lgan voqealar, jasur yurtdoshlarimiz bilan suhbatlar, front xotiralari asosida dunyo yuzini ko‘rgani bilan qimmatlidir. Mutolaa huzuridan bahramand bo‘lib, javoningizni yana bir javohir bilan boyiting.